Abstract
<jats:p>Annotatsiya. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Xondiza polimetall konida yer osti qazib olish jarayonlari natijasida yer yuzasida deformatsion o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Tog‘ jinslarining geologik murakkabligi va kon ishlari intensivligi cho‘kish jarayonining fazoviy va vaqt bo‘yicha notekis rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ushbu tadqiqotda Sentinel-1 sun’iy yo‘ldoshining 7 va 18 kunlik qayta kuzatuv davriga ega radar tasvirlari asosida InSAR texnologiyasi qo‘llanildi. Vaqtinchalik dekorrelyatsiya ta’sirini minimallashtirish hamda aniqlanadigan deformatsiya gradientini oshirish maqsadida SBAS (Small Baseline Subsets) va IPTA (Interferometric Point Target Analysis) algoritmlari integratsiyalangan holda qo‘llandi. Qayta ishlash natijasida kon hududida deformatsiyaning fazoviy uzluksiz modeli shakllantirildi va ayrim faol qazib olinayotgan uchastkalarda yiliga bir necha o‘n santimetrga yetuvchi cho‘kish tezliklari aniqlandi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, deformatsiya jarayonining intensivligi va fazoviy taqsimoti qazib olish chuqurligi, ruda qatlamining qalinligi hamda tektonik uzilishlar tizimi bilan uzviy bog‘liqdir. Monitoring natijalari kon infratuzilmasi barqarorligini baholash, yer usti inshootlarini himoyalash hamda ishlab chiqarish xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Olingan natijalar Xondiza konida geodinamik jarayonlarni masofadan monitoring qilish, xavfsizlik choralarini rejalashtirish va ekologik boshqaruvni takomillashtirish uchun muhim ilmiy asos yaratadi.</jats:p>