Abstract
<jats:p>Uzoq muddatli geobotanik kuzatuvlar o‘simlik qoplamining dinamikasini aniqlash va suksessiya jarayonlarini tushunishda muhim ahamiyatga ega. Biroq Markaziy Osiyoning tog‘li hududlarida bunday tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmagan. Mazkur tadqiqotda G‘arbiy Tyanshandagi Oygaing daryosi havzasida joylashgan doimiy monitoring maydonida 2002 va 2025 yillarda o‘tkazilgan ikki geobotanik tavsif asosida o‘simlik jamoalari tarkibining solishtirma tahlili amalga oshirildi. Tadqiqot Braun–Blanket metodikasi asosida, ilgari intensiv yaylov sifatida foydalanilgan daryo terrassasida o‘tkazildi. Natijalar 23 yil davomida o‘simlik qoplami tuzilishida sezilarli o‘zgarishlar yuz berganini ko‘rsatdi. 2002 yilda hudud daraxt va butalar ustun bo‘lgan qayir bo‘yi qayin–archa to‘qay jamoasi bilan tavsiflangan bo‘lsa, 2025 yilda u yaxshi rivojlangan o‘tli qoplam bilan ajralib turuvchi turli o‘tli–boshoqli–archa–butachali jamoaga aylangan. Ayrim yog‘ochsimon va mezofil turlar yo‘qolgan, aksincha ko‘p yillik baland bo‘yli va boshoqli o‘t turlarining ulushi oshgan. Hisoblangan floristik ko‘rsatkichlar (Jaccard = 0,30; Sørensen = 0,46) sezilarli tur almashinuvi yuz berganini tasdiqlaydi. Tadqiqot natijalari yaylov bosimining kamayishi va tabiiy suksessiya jarayonlari o‘simlik qoplami tuzilishiga muhim ta’sir ko‘rsatganini namoyon qildi, hamda tog‘li ekotizimlarda takroriy geobotanik kuzatuvlarning ilmiy ahamiyatini tasdiqlaydi.</jats:p>