Abstract
<jats:p>Ushbu maqolada greyfrut (Citrus paradisi) mevasining Ruby Red va Oroblanco navlari po‘stloqlarining antiradikal faolligi DPPH (2,2-difenil-1-pikrilgidrazil) erkin radikali yordamida spektrofotometrik usulda qiyosiy baholandi. Tadqiqotda meva po‘stloqlari 35 °C da quritilib, 96 % li etanolda ultratovushli ekstraksiya usuli orqali biologik faol moddalar ajratib olindi. Olingan ekstraktlarning antiradikal faolligi 517 nm to‘lqin uzunligida turli hajmlarda (25–100 mkl) va vaqt oralig‘ida (0–30 daqiqa) o‘lchandi. Natijalar Ruby Red va Oroblanco navlari po‘stloqlari yuqori antiradikal faollikka ega ekanligini ko‘rsatdi. Ekstrakt hajmi oshishi bilan antiradikal faollik ham mutanosib ravishda ortdi hamda 25–30 daqiqalarda barqarorlashdi. 30-daqiqada olingan qiymatlar asosida IC₅₀ ko‘rsatkichlari hisoblandi: Ruby Red po‘stlog‘i uchun 121,33 mkl, Oroblanco po‘stlog‘i uchun esa 85,80 mkl. Bu esa Oroblanco navining antiradikal samaradorligi Ruby Red naviga nisbatan yuqoriroq ekanligini ko‘rsatadi. Olingan natijalar zamonaviy ilmiy adabiyotlarda keltirilgan sitrus mevalari po‘stloqlarining yuqori antioksidant salohiyati haqidagi ma’lumotlar bilan mos keladi. Tadqiqot greyfrut po‘stloqlarini biologik faol moddalar manbai sifatida baholash, ularni oziq-ovqat, farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida tabiiy antioksidant qo‘shimcha sifatida qo‘llash imkoniyatlarini asoslab beradi. Shuningdek, mazkur ish qishloq xo‘jaligi chiqindilarini qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar olish nuqtayi nazaridan ham amaliy ahamiyat kasb etadi.</jats:p>