Abstract
<jats:p>Bugungi kunda aholi salomatligini saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash global miqyosdagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Sabzavot mahsulotlari inson organizmini vitaminlar, mineral moddalar, antioksidantlar va biologik faol birikmalar bilan ta’minlovchi asosiy oziq manbalaridan biri sanaladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida azotli o‘g‘itlardan keng foydalanish natijasida sabzavotlarda nitrat va nitritlarning me’yoridan ortiq to‘planishi kuzatilmoqda. Nitratlar (NO₃⁻) o‘simliklarning oziqlanishida muhim rol o‘ynaydigan tabiiy azot birikmalari hisoblanadi. O‘simliklar tuproqdan nitratlarni o‘zlashtiradi va ularni oqsillar hamda boshqa organik moddalarning sintezida ishlatadi. Biroq agrotexnik tadbirlarning noto‘g‘ri olib borilishi, azotli o‘g‘itlarning ortiqcha qo‘llanilishi, yorug‘lik yetishmovchiligi va noqulay meteorologik omillar natijasida nitratlar o‘simlik to‘qimalarida ortiqcha miqdorda to‘planishi mumkin. Nitratlarning ma’lum qismi inson organizmida yoki mahsulotlarni saqlash jarayonida nitritlarga aylanadi. Nitritlar esa gemoglobinni metgemoglobinga aylantirib, to‘qimalarda kislorod tanqisligini keltirib chiqaradi. Mavsumiy omillar sabzavotlardagi nitratlar miqdoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, bahor va qish mavsumlarida issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlarda nitratlar miqdori yoz oylarida ochiq maydonda yetishtirilgan mahsulotlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi kuzatiladi. Shu sababli sabzavot mahsulotlarida nitrat va nitritlarning mavsumiy o‘zgarishini o‘rganish gigiyenik, ekologik va tibbiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.</jats:p>