Abstract
<jats:p>Maqolada yapon va o‘zbek tillarida noaniqlik semantikasi orqali amalga oshiriladigan xushmuomalalik strategiyalari lingvopragmatik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Xususan, muloqot jarayonida xushmuomalalikni ta’minlash maqsadida ataylab noaniqlik yoki ikki ma’nolilik yuklangan holda ishlatiladigan yumshatuvchi so‘z va iboralarga alohida e’tibor qaratiladi. Maqolada yapon va o‘zbek tillarida bunday til vositalarining qo‘llanishi aniq misollar asosida o‘rganiladi hamda ularning pragmatik vazifalari yoritiladi. Har ikki tildagi yumshatuvchi til birliklarining o‘xshash va farqli jihatlarini aniqlash maqsadida qiyosiy tahlil o‘tkazildi. Tadqiqot Brown va Levinsonning “yuz” nazariyasi, Lakoffning xushmuomalalik tamoyillari, shuningdek, yapon tilshunosligidagi “wakimae” konsepsiyasi asosida olib boriladi. Mazkur strategiyalarning sintaktik modellari, semantik yuklamalari va pragmatik funksiyalari batafsil ko‘rib chiqilgan. Yapon tilidagi muloqot etiketi bilan o‘xshash ravishda, o‘zbek tilida ham ba’zan sukut saqlash, jumlani to‘liq yakunlamaslik yoki mazmunni bilvosita ifodalash orqali xushmuomalalikni ta’minlash mumkin. Biroq bu kabi strategiyalar o‘zbek tilida nisbatan kamroq qo‘llanadi va ko‘proq an’anaviy muloqot kontekstlari bilan cheklanadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, har ikki tilda ham noaniq va bilvosita turg‘un konstruksiyalarni ifodalash shakllari suhbatdosh yuziga tahdidni kamaytirishda muhim lingvistik vosita sifatida xizmat qiladi. Shu bilan birga, yapon tilida ushbu strategiyalar tizimli va barqaror lisoniy shakllar orqali namoyon bo‘lsa, o‘zbek tilida ular ko‘proq kontekstga va kommunikativ vaziyatga bog‘liq holda yuzaga chiqadi. Maqola yakunida ikki tilga oid misollar va jadval asosida o‘xshashliklar, tafovutlar hamda madaniyatlararo pragmatik xususiyatlar tahlil etiladi.</jats:p>